Қоронғи режим
Image
Logo

NAVOIYNING “MAHBUB UL QULUB” ASARIDA ODOB TUSHUNCHASI

NAVOIYNING “MAHBUB UL QULUB” ASARIDA ODOB TUSHUNCHASI

Nizomiddin Mir Alisher Navoiy hazratlarining “Mahbub ul qulub” asari tamomila tarbiya oʼchogʼi. Insonlarning ezgu sifatlari, tavozeʼlik(kamtarlik), saxiylik, mehribonlik, singari  fazilatlari oʼzgacha  uslublar bilan ulugʼlanganligi  insonni hayratlantirmasdan qolmaydi. Yaramas odat va xulq-atvorlarni juda pastkash odatlar qatori koʼrib, ayovsiz qoralanganligi esa insonlarni bunday ishlardan nafratlanishga majbur qiladi. Odob-axloq masalasi – kishining komillikka eltuvchi asosiy vosita ekanligini Qurʼoni karim oyatlari va hadisi shariflarga muvofiq misollar bilan dalillab keltiradi. 

Paygʼambarimiz alayhissalom eng goʼzal odoblarni yetkazish uchun yuborilganliklarini bayon qilib shunday  marhamat qiladilar: Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rosululloh sollollohu alayhi vasallam: Men yaxshi axloqlarni kamoliga yetkazish uchun paygʼambar qilib yuborildim”, dedilar (Imom Ahmad rivoyati).

Insonlarning ichidagi eng komil zot Rosululloh sollollohu alayhi vasallam shunday dedilarmi demak  yaxshi odob aslida nafsning kamolotga yetganing alomati ekanligini anglashimiz mumkin. Aksincha, beodoblik nafsning hali poklanmaganligi alomatidir.

Shuning uchun ham ota-onalar farzandlariga odob-axloqni qunt bilan oʼrgatib borishlari lozim. Hazrati Navoiy “Mahub ul qulub”da bu borada shunday deydi:

“Adab kichik yoshligʻlarni ulugʻlar duosigʻa sazovor etar va ul duo barakati bila umrdin barxurdor. Kichiklar mehrin ulugʻlar koʻngligʻa solur va ul muhabbat koʻngulda muabbad qolur.Ushogʻlarni koʻzga ulugʻ qilur atvoridin xalq ulugʻliq bilur. Xalq jonibidin behurmatliq eshigin bogʻlar”

“Odob yoshlarni ulugʼlar duosiga sazovor qiladi va u duoning barokotidan umrbod bahramand boʼladi. Kichiklar mehrini ulugʼlar koʼngliga soladi va u muhabbat koʼngilda abadiy qoladi. Yoshlarni koʼzga ulugʼ qilib koʼrsatadi. Va feʼl-atvoridan xalq ulugʼvorlik koʼradi. Xalq tomonidan behurmatlik eshigi yopiladi”

 Shuning uchun ham ota-onaning farzandlariga beradigan narsalari ichida eng qimmatlisi  bu odob hisoblanadi. Bu haqda Rosululloh sollollohu alayhi vasallam  Saiʼyd ibn Os roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda shunday deydilar: Hech bir ota oʼz farzandiga yaxshi odob oʼrgatishdan ortiq hadya qila olmaydi. (Imom Termiziy rivoyati).

Yana Rosululloh sollollohu alayhi vasallam: Kishi farzandini odobli etib tarbiyalashi uning uchun har kuni yarim soʼ sadaqa qilishidan yaxshiroqdir”, dedilar. (Imom Termiziy va Ahmad rivoyat qilgan). Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rosululloh sollollohu alayhi vasallam: “Farzandlaringizni hurmatlang va ularning odobini goʻzal qiling”, - dedilar (Ibn Moja rivoyat qilgan).

 Hazrati Navoiy tavozeʼ (kamtarlik) va odobning ahamiyati beqiyos ekanligini sharhlab: “Tavoze kishini xalqning muhabbatiga sazovor qiladi. Va odamlar uni doʻst tutadilar. Tavoze mutakabbir dushmanga muloyimlik tomon yoʻl koʻrsatadi” deydi.

 Hasan Basriy rahmatullohi alayh aytadi: “Tavozeʼ nimaligini bilasizlarmi? Uydan tashqariga chiqqaningizda, yoʻlda biron musulmon kishini uchratib qolib, uni oʻzingizdan fazilatliroq, deb bilishingiz tavozeʼdir” deydi.

Hazrati Navoiy Tavozeʼlik insonga hamisha foyda keltirishini juda sodda uslublar bilan har qanday yoshdagi kitobxonlarga tushuntirib berganligini quyidagi hikoyadan ham anglashimiz mumkin:

“Bir ov hangomasida shox Husravning tojidagi qimmatbaho gavhar toshi yoʻqolib qoladi. Bu gavharni topish uchun elboshilarni butun xalq bilan safarbar qilinadi. Bu paytda ikki hamroh yoʻlda ketayotgan edi. Ularning biri johil kishi, ikkinchisi esa juda hushyor, solih inson boʻladi. U ikkisining qarshisidan elboshi boshchilik odamlar chiqib qoladi. Johil kimsa ularga salom bermay gerdayib oʻtib ketadi. Solih kishi esa ularga tavozeʼlik bilan taʼzim qilib boshini egadi. Qarasa oyogʻini ostida haligi gavhar yotgan boʻladi. El boshi gavhar topilganidan hursand boʻlib solih insonni shox huzuriga olib borib, uni mukofotlaydilar. Johilni esa bexurmatliligi uchun jazolaydilar.”

Bayt:

Mutakabbir kezibon shaharda xoru mardud,

Mutavoziʼni gʻaniy ayladi durri maqsud.

Muxtasar xulosa qilib aytadigan boʼlsak, odob va tavozeʼlik – insonning kamoloti, uning saodati, dunyo va ohirat farovonligi garovidir.

 

Mubashshir MAHKAMOV,
Namangan shahar “Bahouddin Naqshbandiy”
jome masjidi imom-noibi

Архив

Илтимос, санани танланг!

АУДИОЛАР

Телеграм

Алоқада бўлинг