Қоронғи режим
Image
Logo

Ramazon fazilatlari.

Ramazon fazilatlari.

Alloh taolo Yeru Osmonlarni yaratib, ba’zi makonlarni boshqasidan, ayrim zamonlarni o‘zgasidan  fazilatli qilib qo‘ydi. Albatta bu Allohning bandalariga marhamatli zot ekanligidandir. U kunlar orasidan ba’zilarini tanlab olib, ularni ezgulik mavsumi, toat va ibodat kunlari, qilib belgiladi.  Bular Alloh tomonidan bandalarga ato etilgan rahmat shabbodalaridir. Kim ularga e’tibor berib, yaxshiliklaridan bahramand bo‘lib qolsa, o‘sha haqiqiy baxtiyor kishidir.Ana shunday tanlab olingan oylarning gultojisi – bu Ramazon oyidir.

Lug‘atshunoslarning aytishlaricha, «Ramazon» so‘zi arabcha so‘z bo‘lib,  «qattiq issiq», «jazirama», «qizib cho‘g‘ bo‘lish», «kuydirish» ma’nolarini anglatuvchi kalimadan olingan. Bu oyning aynan ushbu nomni olishi sababi haqida turlicha fikrlar bor. Jumladan, alloma Javhariy: «Aytishlaricha, arablar oylarning nomlarini eski tillardan o‘girishganida oylarni o‘sha paytda to‘g‘ri kelgan vaqtiga ko‘ra nomlashgan. O‘shanda ushbu oy issiqning eng jaziramasiga to‘g‘ri kelgan ekan», deydi. Ikkinchi bir fikrga ko‘ra, «Ramazon oyi gunohlarni kuydirib tashlagani uchun shu nom bilan atalgan. Zotan, bu oy johiliyat davrida «Notiq» deb atalar edi». Boshqalar aytishadiki, «Bu oydagi ibodat – ro‘za kishilarni tashnalikdan ichini qizdirgani uchun oy Ramazon deb nomlangan».

Alloh taolo Qur’oni karimda ro‘za haqida shunday marhamat qiladi: “Ey, imon keltirganlar, taqvoli bo‘lishlaringiz uchun sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham ro‘za tutish farz qilindi, sanoqli kunlarda. Bas, sizlardan kimki bemor yoki safarda bo‘lsa, sanog‘i boshqa kunlardandir. Madori yetmaydiganlar zimmasida bir miskin kimsaning (bir kunlik) taomi fidyadir. Kimki ixtiyoriy ravishda ziyoda xayr qilsa (lozim bo‘lganidan ortiq fidya bersa), o‘ziga yaxshi. Agar bilsangiz, ro‘za tutishingiz (fidya berib tutmaganingizdan) yaxshiroqdir”.

Mazkur oyati karimalardan ma’lum bo‘ladiki, Alloh taolo bizdan oldin o‘tgan ummatlarga ham ro‘zani farz qilgan. Bu farz hadisi sharifda ham o‘z tasdig‘ini topgan. Zero, unda aytilishicha, Alloh avval yahudiylarga ramazon oyida ro‘za tutishni buyurgan. Ular ro‘za yilning eng issiq kunlariga to‘g‘ri kelgani uchun, ko‘p va qattiq qiynaldik deb, boshqa oyga ko‘chirganlar. Nafslari Alloh buyurgandek biron narsa tanovul qilmay ro‘za tutishga bo‘ysunmagan. Natijada, go‘sht kabi narsalardan o‘zlarini tiyib, ro‘za tutishga odatlanganlar. Alloh taolo keyinchalik nasroniylarga ham ramazon oyida ana shunday ro‘zador bo‘lishni buyurgan. Afsuski, ular ham bu oyning eng issiq kunlariga to‘g‘ri kelgani va boshqa bahonalar bilan ro‘za oyida tartiblarni o‘zgartirganlar.

Ro‘za havoi nafsni, noo‘rin qo‘zg‘atishlarini yo‘lga solishga, shahvatni jilovlashga, qorin talablarini ham izga solishga xizmat qiladi.

Ro‘zadod odam birov bilan so‘kishmasligi, urushmasligi qattiq tayinlanishidan maqsad ham shu. O‘z ixtiyori bilan och qolgan, tashna bo‘lgan odamda o‘z-o‘zidan rahm-shafqat hislari uyg‘onadi. O‘zgalarga yaxshilik qilish tuyg‘ulari kuchayadi. Buni ro‘za tutgan har bir odam darhol mulohaza qiladi. Ayniqsa ochlik va tashnalikni o‘z tanasida sinab ko‘rgan shaxs, turli sabablarga ko‘ra doimo och qolganlarga rahm-shafqat qilish lozimligini to‘la tushunib yetadi. Shuning uchun ham, ro‘zadorlardan och-yalong‘och, beva-bechora, kambag‘al-miskinlar foydasiga xayr-sadaqa qilish ko‘payadi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Qachon biringiz ro‘zador holda bo‘lsa, behayo so‘zlarni gapirmasin va johillik ham qilmasin. Agar birov u bilan so‘kishmoqchi yoki urushmoqchi bo‘lsa “Men ro‘zadorman,men ro‘zadorman” desin” dedilar.

Bugungi kunda mehr shafqatga, rahmdillikka va xayri ehsonga muhtoj kishilar qanchalik ko‘p ekanliklarini hisobga oladigan bo‘lsak, ro‘zaning ahamiyati yana ham ortadi. Ramazon sharifda o‘ta saxiy bo‘lish Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning odatlaridandir.

Manbalar asosida tayyorladi.

Ibrohim Ismoilov,
Namangan shahri  “Abdulloh ibn Masud ” masjidi imom-noibi

Архив

Илтимос, санани танланг!

АУДИОЛАР

Телеграм

Алоқада бўлинг