Қоронғи режим
Image
Logo

SHAVVOL OYINING FAZILATLARI.

SHAVVOL OYINING FAZILATLARI.

Abu Ayyub Ansoriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ramazon ro‘zasini tutib, so‘ng unga Shavvol oyidan olti kun ro‘za qo‘shsa, go‘yo bir yil ro‘za tutgandek bo‘lur”, dedilar (Imom Muslim rivoyati)

Savbon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:  Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ramozon ro‘zasi o‘n oy ro‘zaga to‘g‘ri kelsa, Shavvolning olti kuni ikki oyga to‘g‘ri keladi, natijada bu bir yil ro‘za bo‘ladi”, dedilar. Boshqa rivoyatda: “Kim fitrdan keyin olti kun ro‘za tutsa, bir yil to‘la ro‘za bo‘ladi”, oyati karimada (Kim bir yaxshilikni amalga oshirsa, unga o‘sha yaxshilikning o‘n barobari bo‘lur), deb zikr qilingan (Imom Ahmad va Ibn Moja rivoyati).

Mazkur muborak bayonotdan kuyidagi foyda va hukmlarni xulosa qilish mumkin:

Shavvol oyidan olti kun ro‘za tutishning fazilati albatta, kim Ramozon ro‘zasiga qo‘shimcha qilib, Shavvol ro‘zasini ham uzluksiz tutib yursa, bir umr ro‘za tutgandek bo‘ladi. Bu esa ulkan fazl va buyuk amal hisoblanadi.

Buyuk Allohning bandalariga rahmati bo‘lib, bu Alloh taolo tomonidan bandalarining ozgina amaliga ko‘p savob va ulkan ajrlar ato etishidir.

Shavvol oyidan olti kun ro‘zasini tezlatib tutish mustahabdir. Yaxshiliklarda musobaqa qilishga amr bo‘lgani, bu ro‘za qolib ketmasligi va kishini boshqa ish mashg‘ul qilib qo‘ymasligi uchun bu kundagi ro‘zani shoshilib tutish muhimdir.

Ushbu ro‘zani Shavvol oyining avvali, o‘rtasi yoki oxirida uzluksiz  yoki kun oralatib tutish durust bo‘laveradi. Mukallaf ushbu ro‘zani xohlagan holatda tutsa ham Alloh taolo ushbu amalni qabul qilsa, va’da qilingan ajrga haqli bo‘ladi.

Ramozondan qazosi bo‘lgan kishi birinchi qazosini keyin Shavvoldan olti kun ro‘za tutadi. Chunki hadisda Nabiy alayhissalom: “Kim ramazon ro‘zasini (to‘la) tutib,....”, deganlar. Zero, zimmasida Ramazonning qazosi bo‘lgan kishiga nisbatan to u o‘sha qazosini tutguniga qadar ro‘za tutdi, deyish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Chunki inson o‘z zimmasini vojibdan xolos qilib olishi, mustahab ishni qilishidan avlo hisoblanadi.

Zero, Hakim sifatli Alloh taolo farzlarni nafl ibodatlardan oldin qilib shariatga kiritgan. Shuningdek, ularning ortidan nafllarni keltirgan. Buni namozlardagi tartibli sunnatlar, Sha’bon va Shavvol oylari orasida Ramazon ro‘zasini shariatga kiritishi misolida ham ko‘rish mumkin.

Ushbu nafllar farzlarda kuzatilgan kamchilikni to‘ldiradi. Chunki mukallaf tomonidan ro‘zasining ajrini kamaytirib qo‘yadigan ba’zi kamchiliklarga yo‘l qo‘yishi tabiy. Masalan, ko‘p gapirish, ko‘p qarash, ko‘p yeyish va boshqa shu kabi biror kamchilik sodir etilgan bo‘lishi mumkin. Shuning uchun bu nafl ibodatlar insonga ziynat va ibodatlarini mukammalligiga sabab bo‘ladi. Ramazon oyidan keyin keladigan Shavvol oyida olti kun nafl ro‘za tutishga targ‘ib qilishda bundan boshqa yana bir qancha hikmatlari ham bor. Muhimi inson bu nafl ibodatlarga o‘zini odatlantirishidir.

 

Manbalar asosida tayyorladi.
Mahmudhon Sidiqhodjayev,

 Mingbuloq tumani “Shohi Fozil” jome
masjidi imom xatibi

Архив

Илтимос, санани танланг!

АУДИОЛАР

Телеграм

Алоқада бўлинг