Қоронғи режим
Image
Logo

RADIKALIZM BU…

RADIKALIZM BU…

Radikalizm (lotincha radix – ildiz) – siyosiy tuzum va ijtimoiy institutlarni tubdan oʻzgartirishga qaratilgan gʻoya va harakatlarni ifodalovchi siyosiy, diniy oqim. Radikalizm umumeʼtirof etilgan anʼanalarga butunlay zid munosabatda boʻlib, keskin harakatlarni yoqlab chiqadi. Tarixda bu atama moʻtadil islohotlar tarafdorlariga nisbatan ham qoʻllangan. Ustozlardan birlari shunday degan inson aql-zakovat va erkinlik ramzidir, shuning uchun uning erkini cheklash kerak emas, degan gʻoyani ilgari surdi. Hozirgi davr radikalizmga xos boʻlgan xususiyatlardan biri ijtimoiy hayotning ham nazariy, ham amaliy muammolarini hal qilishda zoʻrlik usulidan foydalanishga moyillikdir. Tinch yoʻl bilan hal qilish mumkin boʻlgan oddiy muammolarni yechishda ular kuch, zoʻravonlikdan foydalanishga intiladi.

 Hozirgi radikalizm ekstremizmning nazariy manbai boʻlib, ijtimoiy muammolarni hal qilishda zoʻrlik usullari va vositalaridan foydalanmoqda. 

 Sobiq shoʻrolar tuzumi oʻrnida tashkil topgan mustaqil davlatlar hududida rivojlanishning dastlabki bosqichida radikal oqimlar paydo boʻla boshladi. Bu oqimlar baʼzi mamlakatlarda fuqarolar urushini keltirib chiqardi. Uning koʻpchiligida siyosiy radikalizm diniy niqob ostida namoyon boʻldi. Ular islom davlati qurish, xalifalikni qayta tiklash shiorlari bilan chiqib, jamiyatning siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va maʼnaviy-maʼrifiy rivojini toʻxtatishga, bu jarayonni ortga – oʻrta asrlarga qaytarishga intilayotgani oʻta xatarlidir. Aqidaparastlik ham radikalizmning bir koʻrinishi hisoblanadi. Radikalizmning mazmun-mohiyati radikalizmning boshqa koʻrinishlari kabi oʻziga mos kelmaydigan boshqa har qanday oqim va qarashlarga nisbatan murosasizlikda, jamiyat taraqqiyotiga zid, gʻayriinsoniy gʻoya va qarashlarni ilgari surishda namoyon boʻladi.

Inson ajib mavjudot. Sababi uning... dunyoqarashi mavjud. Ya’ni u dunyoni yaxlit tasavvur eta oladi. Hamda uning – dunyoning ma’lum ma’naviy qonuniyatlar ustida qurilganini anglay oladi, amallar va narsalarni ma’naviy tarozisiga solib, “oq va qora”, “yaxshi va yomon”ga ajrata biladi. Garchi ma’naviy olamni ko‘z bilan ko‘rib bo‘lmasa-da, inson uning nizomlarini his qila oladi.

Xo‘sh, Yer sayyorasida yaxshi va yomonni ajrata oladigan mavjudot hukmron ekan, qayerdan buncha mudhish, hech bir taroziga sig‘maydigan ishlar? Nega aql egasi bo‘lmish zotning ishlaridan buncha salbiy oqibatlar?

Insonlarning qarashlari turlicha bo‘ladi, hatto bitta qarashning ichida ham turlanish bo‘ladi, va hatto bitta oila a’zolari ichida turlicha qarashdagi kishilar bo‘lishi mumkin, zero insonlar bir xil emas.

Masalan, kishining o‘z Millati va Vatani uchun qayg‘urishi, uning rivoji va ozodligini istashi bu yaxshi, har bir insonga bezak bo‘la oluvchi tuyg‘u. Biroq bunday intilish qizig‘ida inson ma’naviy me’yorlarni chekkaga surib qo‘yadigan bo‘lsa, bunda u o‘sha doiradan chiqib ketgan bo‘ladi – radikallashish asnosida ekstremizm va boshqa – jiddiy illatlarga duchor bo‘ladi.

Vatanga yaxshilikni istash istagi soyada qolib ketadi va boshqa – salbiy tuyg‘ular qorishmasi ustun keladi. Qarabsizki, kishi Vatanining rivoji uchun emas, aksincha – zarariga xizmat qila boshlaydi.

Radikal tuyg‘ular kishini keskin amallarga yetaklaydi: radikal, ekstremistik gaplarni aytishiga, yozishiga va keskin harakatlarni qilishiga olib keladi.

Ko‘p millatli O‘zbekistonda diniy bag‘rikenglik masalasi doimo kun tartibida bo‘lib kelgan. Konstitutsiyada hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanishi haqida aytiladi. Bunday sharoitida bag‘rikenglik, totuvlik, erkinlik haqida gapirmaslikning iloji ham yo‘q. Zotan, yuksak ma’naviyat sari intilayotgan dunyoviy davlatda diniy qadriyatlar oxirgi masala emas. Ularni hurmat qilish, to‘g‘ri talqin etish, e’tiborsiz qoldirmaslik, lekin bir vaqtning o‘zida dinga yondashuv me’yorlarini buzmaslik lozim. Bunday yondashuv ham mamlakat ichida, ham mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga yordam beradi.

Islom dini mo‘'tadil din bo‘lib, u faqat bunyodkorlikni xohlaydi, vayron qilishni emas, jamiyatni birlashtiradi, firqalarga bo‘lmaydi, insonlarni sevadi, ularni yomon ko‘rmaydi. Zero, mo‘tadillik bu – haddan oshish yoki sustkashlikka yo‘l qo‘yish, qattiq olish yoki o‘ta bo‘sh qo‘yib yuborish o‘rtasida bo‘lib, mana shu muvozanatni saqlagan kishi to‘g‘ri yo‘ldan adashmaydi. Dindagi mo‘tadillik e'tiqod, amal, ilm va axloqda Qur'oni karim, hadisi shariflar va ulamolarning so‘zlarini mahkam ushlash bilangina yuzaga chiqadi.

Dinda haddan oshishning yana bir ko‘rinishi musulmonlarni o‘zidek fikrlamagani yoki o‘ziga qo‘shilmagani uchun kofirga chiqarishdir. Bu holat Islomning avvalidan yuzaga chiqqan va hozirgacha yetib kelayotgan katta musibatdir. Takfirchi jamoatlar ko‘pchilik musulmonlarni kofir sanab, ularning qonini halol sanashdi. Natijada musulmonlarga qarshi urush ochib, ularning qonini to‘kishdi. Oxiri o‘zlari ham mag‘lub bo‘lgan bo‘lsalarda, ijtimoiy tarmoqlarda in qurib olib, turli g‘uluvga yo‘g‘rilgan fatvolarni chiqarib turishibdi. Bu ularning aynan biz o‘rganayotgan mavzu – mo‘tadillik  masalasini bilmasligi yoki bilishni xohlamasligi sabablidir. Afsuski, ularning ana shunday botil fatvolariga amal qiladigan, ularga ergashadigan, aldangan musulmonlar topilib turibdi. Ularga quloq solib, fitna o‘choqlariga borganlarning pushaymon bo‘lib musulmonlarga murojaat qilayotganini eshitib turibmiz. Ular internetdagi qo‘shtirnoq ichidagi fatvo berayotganlarning aldovga mutlaqo ishonmaslik kerakligi, voqe'likda esa holat ular aytganidek emasligini aytmoqdalar. Vaqt o‘tishi bilan takfirchi to‘dalarning aldov va jinoyatlari xalqqa yanada ko‘proq oshkor bo‘ladi. Alloh taolo bunday adashishdan o‘zi asrasin! Bu o‘rinda haddan oshish shuki, musulmon kishi dinga qaysi yo‘l bilan kirib kelgan bo‘lsa, o‘sha yo‘l bilan undan chiqadi. Ya'ni, u islomga imon keltirib kirib keladi. Faqat va faqat ana shu imonidan qaytsagina dindan chiqadi. Lekin kimlarnidir fikriga, g‘oyasiga yoki Islom olamida tan olinmagan “hijrat va jihodi”iga qo‘shilmagani uchun kofir bo‘lib qolmaydi.

 Xulosa qilib aytganda, аhli sunna val jamoa ham e’tiqod, ilm, amal va axloqda moʻtadildir. Sog‘lom fikrli inson yaxshi anglaydiki, Islom dini ta’limotida moʻtadillik g‘oyasi yotadi va unga ergashish insoniyatni hech qachon zalolatga boshlamaydi. Zero, moʻtadillik bu – haddan oshish yoki sustkashlikka yo‘l qo‘yish, qattiq olish yoki o‘ta bo‘sh qo‘yib yuborish o‘rtasida bo‘lib, mana shu muvozanatni saqlagan kishi to‘g‘ri yo‘ldan adashmaydi.

Abrorxo'ja Rashidov,
Chortoq tumani “Abu Bakr Siddiq” jome
masjidi imom xatibi

Архив

Илтимос, санани танланг!

АУДИОЛАР

Телеграм

Алоқада бўлинг