Қоронғи режим
Image
Logo

Radikalizmning xatarlari va uni bartaraf qilish uslublari

Radikalizmning xatarlari va uni bartaraf qilish uslublari

Radikalizm – muayyan shaxs yoki guruhning mavjud ijtimoiy, siyosiy va madaniy holatini tubdan va murosasiz o‘zgartirish istagidan iborat jarayondir. Radikallizm jarayonlari diniy yo‘nalishda ham kuzatilishi mumkin. Bunda shaxs o‘z diniy e’tiqodini haq deb bilib, o‘zgacha e’tiqodiy qarashlar va fikrlarga murosasiz va keskinlik asosida yondashadi hamda ularni zo‘rlik yo‘llari bilan o‘zgartirish tarafdori bo‘ladi. Bu holat ko‘pincha jamiyatda mavjud turli diniy konfessiyalarlarga keskinlik bilan yondashish, bir din doirasidagi o‘zga mazhab yoki qarashlarni murosasiz inkor etish hamda ularni raqib sifatida qabul qilishda namoyon bo‘ladi.

Radikalizmning shakllanishiga sabab bo‘luvchi omillar sirasiga quyidagilar kiradi:     

-bolalikdagi tarbiya (avtoritar, ezuvchi, shubhali, nazorat qiluvchi, “oila kumiri” turlari bo‘yicha yoki hech qanday nazoratsiz hamma narsaga ruxsat etilgan va boshq.);

-shaxsning o‘ziga xos xususiyatlari (o‘ziga past baho berish, o‘zini tasdiqlashdagi ustuvor ehtiyojlar, nuqtai nazari, g‘oyalari, psixologik himoya nevrotik mexanizmlari);

Psixologlarning ta’kidlashicha, yoshlardagi tajribasizlik va hissiyotga tayangan holda ish yuritishi, tashqi ta’sir natijasida ruhiy holatining o‘zgaruvchanligi; ruhiy tushkunlikka tez tushishi va ruhiy zarbalarga chidamsizligi; yaqinlari e’tiboridan butunlay chetda qolishi; o‘ta qiziquvchanlik hamda axborotlarni to‘laqonli tahlil qilmaslik, ishonuvchanlik kabi qator omillar radikallashuv jarayoniga xizmat qilishi mumkin. 

Binobarin, radikal g‘oyalar ta’siriga tushib qolgan yoshlar o‘z oila a’zolari, yaqinlari, mahalla, ko‘cha-ko‘ydagi tengdoshlarini ham mutaassib shaxsga aylantiradi. Shuningdek, yoshlarning turli oqimlarga kirib qolishlari sabablari qatorida ularning bilimlari, shu jumladan, diniy ilmlarni egallashga bo‘lgan qiziqish va intilishi hamda ishonuvchanligi, birdaniga va hamma narsaga (boylik, shon-shuhrat, martaba va h.k.) ega bo‘lishga harakat qilishi, ilmiy tilda aytganda maksimalizm kabi ma’naviy-ruhiy omillarni ham alohida ajratib ko‘rsatish lozim. 

Bundan tashqari, yoshlarning radikalizm ta’siriga tushib qolishi oiladagi moddiy qiyinchilik va yetishmovchilik, ishsizlik, kam ta’minlanganlik, alamzadalik, siyosatdan nororzilik kabi qator ijtimoiy holatlar bilan ham bog‘lanadi. 

Radikalizm g‘oyasidan qaytarish maxsus dasturiy ishlar asosida amalga oshirishi maqsadga muvofiqdir. Deradikallashtirish jarayonlarining muvaffaqiyati quyidagi zaruriy shartlar asosida amalga oshirilishi lozim:

-mutaassiblashgan shaxsning asosiy ilgari surayotgan mafkurasini bilish va uning diniy-psixologik portiretini chizish;

-mutaassib g‘oyalarga ergashgan shaxsning diniy motivlarini tushunish;

-shaxsning kelib chiqqan jamiyatdagi muammolarini tushunish;

-ekstremistik aqidalarni aniqlash va radikalizm ko‘rsatkichlarini aniq belgilab olish;

-diniy muloqotni yo‘lga qo‘yish;

-diniy ta’lim darajasini monitoring qilish;

-ta’lim o‘quv dasturlarida umuminsoniy tuyg‘ular hamda  ma’rifatparvarlik faoliyatiga taalluqli dars soatlarini ko‘paytirish;

-yoshlarning tarixni o‘rganish bo‘yicha dasturni qo‘llab-quvvatlash;

-yoshlar bilan muloqot qila oladigan psixologik yordamlarni ko‘rsatish qobiliyatiga ega mutaxassislarni jalb etish;

-yoshlar orasida doimiy ravishda buzg‘unchilik mafkurasi va xatti-harakatlarini qonunga xilof ekanligini tushuntirish va ularning salbiy oqibatlari haqida tushuntirishlar olib borish;

-kam ta’minlangan oilalarga ijtimoiy yordam va ta’minot tizmini yanada oshirish;

-mutassiblarni qayta ijtimoiylashtirishda ularning oilasiga yordam berish;

-diniy sohada obro‘li va malakali mutaxassislarni jalb etgan holda yoshlar va ayollar bilan diniy masalada ochiq muloqotlarni tashkil etish.

Shuningdek, mutaxassislar davlatning huquqiy, ma’muriy jarayonlardagi izchil islohotlarni muntazam olib borishini ham mutaassib shaxslarning radikalizm g‘oyasidan qaytarishning qo‘shimcha shartlari sifatida e’tirof qiladilar. Bunda radikalizmni oldini olish borasida kuchli davlat hokimiyati sharoitida dasturlarini ishlab chiqish va muvaffaqiyatli amalga oshirish talab etiladi. Sababi, ijtimoiy holati beqaror va kuchsiz davlatlar diniy radikalizm o‘chog‘iga aylanish tahdidi yuqori bo‘ladi. 

Davlat siyosatida barcha millatlarga bir xil munosabatda bo‘lishi lozim. Agar mamlakatda qandaydir bir alohida g‘oya, ayniqsa, diniy va milliy omillardagi mafkura ustun bo‘lsa, radikallashuvning kuchayishiga olib keladi va tashqi muhitda ham reablitatsiya faoliyatini susaytiradi.

Shuningdek, aholiga va dindorlarga nisbatan tashqi kuchlar tomondan amalga oshirilayotgan diniy, siyosiy ta’sirlarni cheklash hamda islomofobiyani oldini olish talab etiladi. Shuningdek, xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribalarini muntazam o‘rganib borish va respublikaning ijtimoiy holatidan kelib chiqqan holda ushbu tajribadan foydalanish ham radikallashuvning oldini olish borasida muhim ahamiyat kasb etadi.

 Karimulloh Habibullayev,
"Hidoya" o'rta maxsus 
islom bilim yurti talabasi

Архив

Илтимос, санани танланг!

АУДИОЛАР

Телеграм

Алоқада бўлинг